Microsoftdan taklif oldim
You only fail when you stop trying
Microsoft suhbatidan muvaffaqiyatli o’ta olmaganim hikoyasi
∘ 1-qism: Kutilmagan taklif, tavakkal va natija
∘ 2-qism: Qo’rquv, hayajon, harakat va natija
∘ 3-qism: Tebranishlar, mas’uliyatsizlik, hafsala pir bo’lishi va natija
Microsoft suhbatidan muvaffaqiyatli o’ta olganim hikoyasi
∘ 4-qism. Singan umidlar tiklanishi, stress va natija
∘ 5-qism. Jamoa tanlash, kelishuvlar va kechikayotgan “offer”
∘ 6-qism. Kutilgan kutilmagan jamoa
∘ 7-qism. Uzoq kutilgan onlar
Sarlavhadan yakuniy natija ma’lum bo’lsa ham, Microsoftdan taklif xati olish jarayoni salkam 4 oy davom etgani sababli (22-iyundan 8-oktabrgacha) butun jarayonni qismlarga bo’lib batafsil aytib bermoqchiman.
Microsoft suhbatidan muvaffaqiyatli o’ta olmaganim hikoyasi
1-qism: Kutilmagan taklif, tavakkal va natija
Iyun oyida, aniqrog’i 22-iyun kuni Linkedindan bir recruiter yozib qoldi. Ochib qarasam, Microsoftdan qiziqish bilidirishibdi (Azure Networking team), yana rosa mening darajamga mos (Software Engineer II) taklif ekan.
Aslida o’sha vaqtlarda aktiv tarzda ish izlamayotgan va Mastercarddagi ishimdan (deyarli) hech qanday shikoyatim yo’q bo’lsa ham, “Microsoftku, qani sinab ko‘raylik-chi, o’zi o’ta olarmikanman?” degan o’y bilan ilk telefon suhbati uchun vaqtni tanladim.
Phone Interview
MAANG an’analariga sodiq holda birinchi bosqich tanishuv suhbati bo’ldi (1-bosqich). Tajriba, qiziqishlar va nima uchun Microsoftda ishlamoqchi ekanim haqidagi odatiy savollar so’raldi. Ochig’i boshida telefon intervyu bosqichidan ham o’ta olmasam kerak deb o’ylagandim. Sababi suhbatda o’zimni kelajakda Software Engineeringdan ko’ra ko’proq Product Managementda ko’rishimni, Networking sohasida esa deyarli tajribam yo’qligini aytdim.
Bu bosqichdan o’tish uchun rostdan astoydil harakat qilmadim. Shunchaki savollarga boricha javob berdim. Shunday bo’lsa ham 2–3 kun o’tgach keyingi bosqich — onlayn coding topshiriq uchun taklif keldi.
Online Coding Task: Codility
Topshiriq bo’yicha Codility platformasida 2 ta masalani ishlash kerak ekan (2-bosqich). Uni 7 kun ichida istalgan vaqtda ishlash mumkin. Tayyorgarlik ko’rish uchun o’zining darslari va namuna topshiriqlari berilgan.
Muammo shundaki, mening algoritm va ma’lumotlar tuzilmalari bo’yicha bilimim MAANG darajasida kuchli emas. Buni ochiq tan olaman. Leetcodeda ham hozirgacha 39 ta (!) masala ishlagan ekanman. Eng oxirgisi bir yil oldin :)
Shu sababli, 7 kun davomida yuqoridagi masalalardan iloji boricha ko’prog’ini ishlab, bir qator mavzularni qaytarib olishga harakat qildim. Faqat masalalarni shunchaki ishlashga emas, o’ylash jarayonimni yozib keyin yechimga o’tishni mashq qildim. Xuddi jonli coding interview kabi.
Muddatning eng oxirgi kuni o’tirib 2 ta masalani ishladim va natija o’zim kutganimdan ko’ra yaxshiroq bo’ldi. Sababi yechimlarim ham to’g’ri, ham ancha optimal holatda ekanini sezdim. Afsuski, yakuniy javoblarning to’liq tahlili menga ko’rinmas ekan.
Aytganimdek, 3–4 kun o’tib asosiy bosqich — 3 raundli texnik intervyuga taklif keldi.
Asosiy 3 bosqichli texnik intervyu — tayyorgarlik
Avvaliga recruiterlar bilan intervyu qanday o’tishi haqida suhbatlashib olish uchun vaqt tanlash taklifi keldi. Undan 3–4 kun o’tib esa, asosiy intervyular taklifi. Yakunda oldingi va bu bosqich orasida taxminan 10 kun vaqtim bor edi.
Intervyu 3 bosqichi esa har biri 45 daqiqadan bo’lgan OOP, System Design va albatta Coding qismlardan iborat ekan.
MAANG intervyulariga yillab tayyorlanib yurgan odamlar ko’ziga qanchalik xunuk ko’rinsam ham aytaman — mendagi System Design bo’yicha bilim ham eng boshlang’ich darajada edi. Qisqacha tushuntirilsa, System Design va uning asosiy 2–3 ta komponentlari nimaligini bilardim va bo’ldi.
Coding intervyu uchun hamma mavzularini o’qib, ehtimoliy hamma masalalarni ishlab chiqish uchun oylab vaqt ketishi mumkinligini o’ylab “Bir hafta faqat System Design o’qiyman. Keyin 1–2 kundan OOP va Codingni qaytarib olaman. Qolgani tavakkal” dedim-da tayyorgarlikni boshladim.
Aytganimdek 5–7 kun davomida System Design o’qidim. Boshida Educative.io dagi System Design Interview Prep Crash Course materiallarini 2–3 kun o’qib chiqdim. Keyin Design Gurus saytidagi Grokking the System Design Interview kursiga duch kelib qoldim. Solishtirib ko’rsam, Design Gurusdagi ham ancha tartibli, ham yaxshi yetkazib berilgan ekan. Keyinchalik ham baribir ishlataman deb subscription sotib olib tayyorgarlikni shu yerda davom ettirdim.
Orada Azimjon bilan gaplashib mentorlik sessiyasini band qildim. Mening holatimda mock qilish ko’pam foydali bo’lmasligini bilib, asosan men e’tibor bermayotgan jihatlar, tayyorgarlik va intervyu uchun maslahatlar oldim. Bir soatli sessiya sehrli tarzda meni suhbatga tayyor qilib qo’ymasligini bilsam ham, Azimjon bergan maslahatlar ancha foydali bo’ldi.
2-qism: Qo’rquv, hayajon, harakat va natija
Asosiy intervyuga bo’lgan tayyorgarlik oxirgi kunlarida qo’rquv darajasidagi ikkilanish paydo bo’ldi. Hattoki intervyuga kirgim kelmayotgani haqida deyarli tug’ishganlardek qadrdon bo’lib qolgan do’stim Azamatjonga ham aytdim. Butun jarayonda o’zimdan ham ko’proq ishonib qo’llab-quvvatlab turgani uchun esa unga alohida rahmat. Shunday qilib intervyu kuni ham yetib keldi.
OOP | OOD
Birinchi intervyu nisbatan eng osoni — Object Oriented Design edi (3-bosqich). Suhbat oluvchi odam ham uni zo’r olib bordi. Avvaliga o’zi, jamoa va loyiha haqida ma’lumot berdi. Keyin intervyu faqat nazariy bo’lishini aytdi.
Asosiy savol esa “Remote virtual mashinalarni boshqaruvchi dasturni OOP prinsiplariga ko’ra loyihalab ber” edi. O’zi jamoa ham aynan shu mahsulot — Azure SDN ustida ishlaydi. Savolga OOP 4 ta eng asosiy prinsiplari barchasini ishlatib javob berdim. Ba’zi joylarda o’zi qo’shimcha savollar berib, yo’naltirib turdi.
Javoblarim mukammal bo‘lmasa-da, interviewerga juda ma’qul keldi. Keyin “Qiyin topshiriqqa kreativ yechim bergan holating haqida aytib ber” deb so’radi. Unga ham STAR usulida yaxshi javob berdim.
System Design
Aytganimdek, eng qiyin va eng muhim raund shu edi (4-bosqich). Tabiiy ravishda uni 10 yillik tajribaga ega Senior System Engineer oldi. Bu yerda ham savol ishga mos bo’ldi: “Remote IoT qurilmalari ishini monitor qiladigan va boshqaradigan tizim loyihasini tuzib ber”
Omadim kelib shunga o’xshash savolni Educative kursida ko’rgan edim. Iloji boricha o’sha yerdan esimda qolgan narsalar bilan javobimni shakllantirishga harakat qildim
Kutilmagan tarafi “Loyihani o’zingga qulay narsada chizib ko’rsataver” deb qoldi. Men bunga uncha tayyor bo’lmaganim uchun Google Slidesda ishlatdim va bu sal noqulay bo’ldi
Chizgan loyiham va bergan javoblarim mukammal javoblardan ancha uzoqdaligiga qaramay, umumiy tasvirni yarata oldim. Oxirida networking sohasida bilimim kuchli emasligini aytib qo’ydim bir qator. Ochiq yuz bilan bo’lmasa ham, buni to’g’ri qabul qildi
Suhbat so’nggida “Loyihada xatolik chiqqan holat va uni qanday hal qilganing haqida aytib ber” degan behavioural savolga STAR usulida javob berdim
Coding
Men uchun eng hayajonli bosqich eng oxirida edi (5-bosqich). Intervyu olayotgan dasturchi nisbatan yoshroq, ammo kamgap ekan. O’zini qisqacha tanishtiriboq masalaga o’tdi (bu yaxshi aslida). Suhbat oldi hech qanday NDA-peNDAga qo’l qo’ymaganim sababli bemalol Leetcodedagi Jump Game III nomli savol tushdi deb ayta olaman :)
Savolni o’qib chiqishim bilan ichimda “Aniq rekursiya bilan ishlanadigan allambalo masala. Endiyam yetib keldimov” degan o’y o’tdi. Chunki aytganimdek, menda algoritm va ma’lumotlar tuzilmalari haqida yaxshi nazariy bilim bo’lsa ham amalda ular bilan ko’p ishlamaganman. Lekin shoshilmasdan, hayajonlanmasdan, intervyudan oldin o’zim uchun yozib olgan qadamlar bilan masalani ishlashni boshladim.
Avvaliga yaxshilab o’qib chiqdim, berilgan misollarni va mendan nima so’ralganini tushunib oldim. Keyin sekin-asta xayolimga kelgan narsalarni aytib ularni yozishni boshladim:
— Rekursiya bilan ishlanadi
— DP adashmasam (adashgan ekanman, DFS ekanini keyin bildim)
— Base case istalgan qadamda 0 da ekanimiz bo’ladi (yo’l topilgan holat)
— Aks holda o’ngga yurib ko’ramiz. Faqat chegaradan chiqib ketmaslikni tekshirish kerak
— Chapga ham xuddi shu ishni qilamiz
— Agar qaysidir holatda oldin kelgan joyimizga qaytib kelib qolsak, demak yo’l yo’q
— Demak yurgan yo’limizni ham saqlab ketish kerak
Interviewer oxirgi 2 ta qadamim to’g’riligiga ikkilanib turganimni ko’rib “To’g’ri o’ylayapsan” deb sal yordam berib yubordi. Keyin kod yozishga kirishdim. Va eng qizig’i yozgan kodim bittada to’g’ri ishladi. 2–3 ta test bilan tekshirib ko’rdi.
Keyin esa “True False o’rniga, nechta yo’l borligini qaytar-chi?” deb savolni sal murakkablashtirdi. Vaqt oz qolganligi sababli yechimni topa olmadim. Lekin bu juda salbiy rol o’ynamadi.
Shunday qilib asosiy intervyu o’z nihoyasiga yetdi. Suhbatda o’zimga OOP qismi uchun 5, System Design uchun 3 va Coding intervyu uchun 4+ baho bergan bo’lardim.
Uch-to’rt kun o’tib esa “Further Prep :)” sarlavhasi bilan yakuniy bosqichga email keldi.
3-qism: Tebranishlar, mas’uliyatsizlik, hafsala pir bo’lishi va natija
Rekryuterlar orasidagi “koptok”
So’nggi 6-bosqich haqida aytishdan oldin butun bosqichda rekruyterlar bilan bo’lgan holatni aytib bermoqchiman.
Linkedindan yozgan rekruyter meni asosiy suhbat bosqichigacha kuzatib bordi. U bosqich haqida ma’lumotni esa umuman boshqasi berdi. Shundan keyin men bilan Senior Recruiter ishlashini aytishdi. Lekin asosiy bosqich emaili yana umuman boshqasidan keldi. So’nggi bosqich oldidan tayyorgarlik emaili bo’lsa, yana o’sha Seniordan, ammo unga bo’lgan invitation esa yana boshqasidan keldi. Xullas, butun jarayon davomida kamida 5 ta rekruyter orasida sakrab yurdim va tabiiyki menda“Jarayonga kim o’zi javobgar?” degan savol tug’ildi.
So’nggi jarayonga tayyorgarlik emaili
O’sha senior rekruyter menga yakuniy bosqich AA intervyu bo’lishini va unda Microsoft asos kompetensiyalari bo’lgan kollabratsiya, natijalar uchun ishlash, mijozga fokus qilish kabi allambalolarga e’tibor qaratilishini aytib email yubordi.
Men ham tabiiy ravishda “Ha, demak, texnik intervyular tugabdi. Buyog’iga jamoa va loyiha haqida suhbat bo’ladi. Ularga qanchalik mosligim tekshiriladi” deb o’yladim va behavioural interviewga bo’lgan tayyorgarlik kabi tayyorgarlikni davom ettirdim.
Intervyu rasmiy taklifida bo’lsa rekruyterdan tashqari bir nom bor edi. Linkedindan ko’rsam, u 20 yillik tajribaga ega va butun faoliyatida Microsoftda ishlab kelayotgan Senior Software Engineering Manager ekan.
Men ham “Suhbatga tayyorgarlikda nima maslahat berasiz? Nimani kutay?” degan javob yubordim. Rekruyterdan esa tabiiyki javob kelmadi.
Yakuniy suhbat
Suhbatga boshlanganda esa rekruyterlardan hech kim kirmadi. Faqatgina o’sha Senior Menejer 5 daqiqa kechikib ko’rinish berdi. O’zini juda qisqacha tanishtirgandan keyin “O’zing haqingda aytib ber” dedi. Men ham o’zimni tanishtirdim. “O’zi bundan oldin texnik intervyu bo’ldimi?” degan savolni eshitganimda esa ichimda “Qoyil. Hammasi tushunarli” degan o’y o’tdi xolos.
Keyin esa “Biror oxirida muvaffaqiyatsizlikka uchragan loyihang haqida aytib ber” dedi. Men ham o’xshamagan emas-ku, lekin jarayon davomida ancha qiyinchilikka uchragan, endi dasturlashga kirib kelganimda 70% ishni o’zim qilishga majbur bo’lgan, lekin yakunda zo’r natijalar ko’rsatgan Chakana.uz loyihasi haqida aytdim.
To’lov tizimida uchinchi tomon xizmatidan foydalanmaganimiz, to’g’ridan to’g’ri Uzcard va Humo tizimiga ulanganimiz, u yerda xavfsizlik borasida ancha qiyinchilik bo’lgani haqida aytayotgan paytim suhbat texnik tomonga burildi. Qanday qilib bitta tranzaksiya qayta takrorlanmasligini oldini olganimni so’radi. Lekin real javobim unchalik qoniqtirmadi shekilli, ideal holatda qanday bo’lishi kerakligini tasavvur qilib javob berdim.
Kutilmagan burilish
Shundan keyin umuman kutilmagan joyidan Codility linkini berib “Design a Web Crawler” degan savolga javob berishimni aytib qoldi. To’g’risi, bu narsaga ruhan ham, boshqa tomondan ham tayyor emasdim. Bundan tashqari web crawler deganda faqat qaysidir veb sahifadagi ma’lumotlarni crawl qiladigan skriptni tushunardim.
Tabiiyki tushuncham yo’q narsani loyihalashda ham muammolar bo’ldi. Berilayotgan savollarga to’g’ri javob berish tugul, gap nimada ekanini aniq bilmadim. Keyinroq bilsam, u mendan ma’lum bir web saytlarni emas butun boshli internetni crawl qilib indekslovchi Google crawleri kabi narsani so’ragan ekan.
Suhbat so’nggida bu sohada tajribam yo’qligini, shunga javoblarim uni qoniqtirmagan bo’lishini tushuntirishga harakat qildim. U janob bo’lsa yuzini bujmaytirib, “Yaxshi sendagi o’ylash jarayonini ko’rdim” deb, bergan savolimga ham zo’rg’a javob berib suhbatni yakunladi.
Suhbatdan keyin rekruyterga noto’g’ri ma’lumot va mas’uliyatsizliklaridan ko’nglim qolgani haqida email yuborib qo’ydim va tabiiyki javob kelmadi. Hozir ham status “Intervyu bosqichida” bo’lgani bilan buyog’iga kutish foydasiz ekanini tushunish mumkin.
Yuqoridagi 3 ta qismni avgust boshlarida Telegramdagi @Janob_Musayev kanalimda aynan yuqoridagi tarzda yozgan ekanman. Shundan bir haftacha o’tib, 15-avgust kuni kutganimdek “We decided not to proceed with your application” degan email keldi. Shunday qilib salkam bir yarim oy va 6ta turli bosqichdan keyin Microsoft suhbatidan muvaffaqiyatli tarzda o’ta olmadim…
Microsoft suhbatidan muvaffaqiyatli o’ta olganim hikoyasi
4-qism. Singan umidlar tiklanishi, stress va natija
Bo’lgan voqealar, birga o’tgan kunlar va xotiralar endigina unutilib, yaralar bitib, sekin-asta o’z hayotimda davom etishni o’rgangan kunlarim birida… Yo’g’e hazillashdim, juda unchalik siqilganim yo’q :)
Xullas, salkam bir oy o’tib 11-sentabr kuni yana Microsoft rekruyterlaridan “Application Update — Next Steps” degan email oldim. Unda mening rezyumim bilan jamoalardan biri qiziqayotgani aytilgandi. Menda esa o’sha paytdagi holat tahminan shunaqa ko’rinishda edi:
Emailda unga qo’shimcha tarzda kichik bir muammo borligi aytilgandi… Ya’ni mendan coding intervyu olgan odam feedbackni standardlar bo’yicha bermaganligi sababli intervyuni shu qismini qayta olishlari kerak ekan 😐
Yana bu intervyuni o’tkazish uchun faqat erta yoki indin kunidagi bo’sh vaqtlardan birini tanlashim kerakligini aytishdi. Ichimda “Kelib-kelib coding intervyuni ham shunaqa qilasizlarmi?” dedimda, lekin noiloj 2 kundan keyingi kunni tanladim.
So’nggi coding intervyudan keyingi 40 kundan oshiq vaqt davomida esa yana tayyorgarlikni tashlab qo’yganim uchun bu safar holatim yana ham yomonroq edi deyishim mumkin. Lekin “Nasib bo’lsa bo’lib ketadi. Buyog’i tavakkal” dedimga intervyuga qo’ldan kelgancha tayyorgarlikni boshladim. Shu oraliqda internetda Microsoft suhbatlarida so’ralgan deyilgan oson darajadagi savollardan 10 tacha ishlab sal qo’limni qizdirib va eng muhimi Leetcodedagi ishlagan masalalarim sonini naqd 49 taga (!!!) yetkazib qo’ydim.
Intervyuni bu safar o’zi Ispaniyalik bo’lgan dasturiy muhandis oldi (7-bosqich). Avval o’zini, jamoasini va suhbat jarayonini batafsil tanishtirdi. Keyin esa Codilityni ochib undan qanday foydalanish haqida ham oldin hech qaysi intervyu oluvchi qilmagan tarzda tushuntirib o’tdi.
Berilgan savolni ko’rgandan keyin esa hayolimga birinchi bo’lib “Nimaga bu darajada oson?!” degan o’y keldi. Chunki u yerda mendan berilgan matndan birinchi qaytarilmagan belgini topish so’ralgandi. Lekin tezda o’zimga kelib nima o’ylayotganim haqida gapirishni boshladim. Masalani ikki xil: oddiy va optimalroq yo’lda yecha olishimni va ulardan biri oddiy ikkitalik takrorlash O(n²) bo’lgan yechim va ikkinchisi HashMap ma’lumotlar tuzilmasidan foydalangan holda O(n) yechim bo’lishini aytdim.
“Qaysi birini batafsil ko’rsatay?” degan savolimga “Optimaliga o’taver” degan javob olganimdan keyin u yerda qilmoqchi ishlarimni qadamma-qadam tushuntirishni boshladim. Orada intervyu oluvchi “Qadamlaring haqida umumiyroq gapirib ketaver” deb fikr bildirdi. Shundan keyin sal tezlashdim va yechim implementatsiyasiga o’tdim.
Ishimda Java va o’zimdagi loyihalarda PHP ishlatishimni, lekin intervyularda Pythondan foydalanishimni aytib (nima uchunligini bilsangiz kerak) yechimni yoza boshladim. Orada Pythondagi tayyor “Counter funksiyasidan foydalana olamanmi?” degan savolimga unda yechim juda oddiy bo’lib qoladi deb ruxsat bermadi. Lekin usiz ham yechimni bemalol yoza olishimni bilardim.
Yechimni yozib bo’lganimdan keyin uni jonli ishlatib ko’rish so’ralmadi ham. Uning o’rniga yozgan yechimim uchun qanday testlar yozishim haqida chuqurroq savol-javoblar bo’ldi. Agar shu yechimim boshqa tillarda (masalan Java) yozilganda nimalar o’zgarishini so’radi. Hammasiga juda to’liq bo’lmasa ham javob berdim.
Shundan keyin yana bir masala ko’rsatib uning yechimini og’zaki tushuntirib berishimni lekin yechim yozish shart emasligi aytildi. Unda “Queue ma’lumotlar tuzilmasini Stek yordamida implementatsiya qilish” so’ralgandi. Avvaliga queue va stek farqi o’zi nimada ekanligi tushuntirdim, keyin esa yechimni qanday o’ylaganim haqida aytdim (keyin bilsam 2 ta stek ishlatish haqida aytmagan ekanman).
Bu yerda ham qo’shimcha tarzda agar shunday kutubxona qo’limga tushib qolsa, uni qanday tekshirim haqida savollar berildi. Chegaraviy holatlar, tezkorlik va xotirani hisobga olib javoblarni aytdim. Keyin o’ylasam turli xil ma’lumotlar tipi bilan ishlashi haqida indamagan ekanman.
Shundan so’ng mendagi savollarni eshitib, suhbat yakunlashdi. Ichimda esa “Nahotki bu safar o’xshagan bo’lsa?!” degan ovoz yangrab turgandi.
5-qism. Jamoa tanlash, kelishuvlar va kechikayotgan “offer”
Jamoa tanlash suhbati
Oradan 5 kun o’tib “Senga qiziqayotgan jamoa menejeri sen bilan suhbatlashib ko’rmoqchi ekan” degan email oldim (8-bosqich). Men esa ichimda tabiiyki “Yana qanaqa subaaaaat!!!” deb baqirishga tayyor edim.
Lekin nimayam qilardim deb vaqt tanladim va suhbatga kirdim. Yaxshiyamki, suhbat oluvchi boshidanoq bu suhbat shunchaki men qaysi jamoaga eng mos kelishim haqida bo’lishini aytdi va shundan keyin yengil tortdim. Keyinroq bilsam bu aslida “Team Fit Call” ekan.
Menejer suhbatni juda ochiq yuz bilan olib bordi va suhbat davomida Microsoftning Dublin ofisidagi turli jamoalar va ular nima ishlar bilan shug’ullanishini tushuntirdi. Keyin shulardan qaysi biri menga ko’proq yoqqani haqida so’radi. Men ham javob berishdan oldin o’zimning tajribam, loyihalarim va qiziqishlarim haqida batafsil aytib berdim va ko’proq mijoz bilan yaqinroq ishlashni (customer facing applications) xohlashimni aytdim.
Menejer meni tushunganini va deyarli hamma mahsulotlar yakunda mijoz uchun bo’lishini aytdi. Qo’shimchasiga “Sun’iy intellekt bilan bog’liq jamoalarga va’da berolmayman. Hali juda noaniq va ishlashga bo’lgan talab juda yuqori bo’lgan soha” dedi. Men ham tabiiyki bunga umid qilmayotgandim. Shundan keyin meni suhbatlardan muvaffaqiyatli o’tganim bilan tabriklab suhbatni yakunladi.
Men esa ichimda “Nahotki?!” dedimda, lekin sabr bilan yakuniy taklifni kutishga qaror qildim.
Kelishuvlar qong’irog’i
Shundan 2 kuncha o’tgandan keyin rekruyter men bilan telefon orqali gaplashmoqchi kerakligini yozdi (9-bosqich). Bo’sh vaqtimni aytganimdan keyin o’sha vaqtda telefon qilib, menga qaysi darajada taklif berishmoqchi ekanini va mendagi kutilma qanday ekani haqida ma’lumot va savollar berdi.
Aytishi bo’yicha mening darajam Microsoftdagi L60 ga to’g’ri kelar ekan. Bu esa strong junior degani ekanligini tushuntirdi va eng qiziq savol “Qancha oylik kutyapsan?” deb so’radi. Men ham aniq son aytmasdan o’zim Glassdordan topgan ma’lumotlar bo’yicha interval aytdim. Rekruyter “Yaxshi. Qo’limdan kelgancha sen bittada qabul qiladigan qilib taklif yuborishga harakat qilaman” dedi.
Keyin bilsam, men L60 (Software Engineer I) emas L61 (Software Engineer II) oyliklari intervallarini aytib yuboribman. “Ishqilib bu salbiy ta’sir qilib qolmasinda” deb o’ylab ham qoldim. Lekin “Ko’p bo’lsa, kamroq taklif qilishadida” deb ishlarimda davom etdim.
Lekin oradan 5 kundan ko’proq o’tsa ham taklifdan darak bo’lavermadi
6-qism. Kutilgan kutilmagan jamoa
Jamoa menejeri bilan suhbat
Shundan 4–5 kun o’tib meni yana bir, bu safar bo’lajak menejerim bilan suhbatga taklif qilib email yozishdi (10-bosqich).
Hali taklif olmaganim uchun bu suhbat ham balki yakuniy natijaga ta’sir qilib qolar, unda ham texnik bo’lmasa ham mantiqiy savollar so’rab qolishi mumkindir deb o’ylab unga ozroq tayyorgarlik ko’rdim.
Tayyorgarlik davomida Fermi masalalari degan qiziq masalalar haqida ham o’rganib oldim. Lekin suhbatda bunaqa savol so’ralmadi.
Suhbat aytilganidek bo’lajak menejerim bilan bo’ldi. Suhbatda o’zini tanishtirdi, men haqimda so’radi va jamoaning joylashuvi haqida aytdi. “Jamoamiz ishlaydigan loyiha Microsoft Copilot bir moduli” deganda ichimda “Woooow” deb yubordim. Chunki o’tgan suhbatda aytilganidek umuman buni kutmayotgandim. Suhbat yakunida bo’lajak menejerim “Offer olganing bilan yana bir bor tabriklayman” dedi men esa tashimda “Rahmat” deb ichimda esa “Qani? Qani o’sha offer men ham bir ko’ray?” deyotgandim :)
Eng qiziq tomoni suhbatdan 2 kun oldin kanalimda “Copilot haqida birinchi taassurot” deb post yozgandim. Bir kun oldin esa Chempionlar Ligasidagi Copilot reklamalarini ko’rib “Microsoft endi asosiy fokusini Copilotga qaratibdida” deb o’ylagandim.
Shunday qilib o’zim kutgan jamoaga kutilmagan tarzda qo’shilishim ma’lum bo’ldi )
7-qism. Uzoq kutilgan onlar
Oradan yana salkam 10 kechayu, 10 kunduz o’tib 8-oktabr kuni va nihoyat “There’s an important update in your application” degan email keldi. Yangilik nima ekanligini bilganim uchun qilayotgan ishimni tugatib qo’yib portalga kirishga qaror qildim.
Mendan ko’ra rekruyter sabri chidamadi shekilli 5 daqiqa o’tmasdan telefon qildi va keyingi qilish kerak bo’lgan ishlarni tushuntirdi :)
Portalga kirib qarasam, men adashib so’rab qo’ygandan ham ko’proq qilib taklif yuborishibdi. “Yaxshiyam adashib ketganim” dedim o’zimga 😁
Shunday qilib salkam 4 oy davom etgan, 10 ta turli bosqichlar va haqiqiy emotional rollercoaster bo’lgan jarayondan keyin va nihoyat
Microsoftdan offer oldim!
Telegram: https://t.me/janob_musayev